Karantin – tabiat qonuni!

Karantin – tabiat qonuni!

— Karantin tiriklik evolyutsiyasida omon qolish instinkti deyilsa hech mubolagʼa boʼlmaydi. Sababi, mukammal ekotizim hisoblangan jonli tabiatda jamoaviy hayot koʼrinishlarida kasallik tufayli ommaviy qirilib ketishdan saqlanish chorasi sifatida ham oʼz-oʼzini ihotalashning oʼrnak boʼlarlik koʼrinishlari kishini hayratga soladi. Men biolog va genetik olim sifatida shu borada bir nechta misollar keltirmoqchiman.

Misol uchun, oʼz jamoasidagi tartib-intizomi bilan juda koʼp ilmiy va hujjatli darsliklardan oʼrin olgan chumolilar jamoasida infektsiya yuqtirib olish sharoitida qatʼiy cheklovlar joriy qilish tartibi mavjud. Oʼziga xos zamburugʼ kasalligini yuqtirib olgan chumolilar boshqa turdoshlariga yaqinlashishdan qochishadi. Аgar kasallik jamoaning maʼlum qismiga yuqsa, zararlangan chumolilar oʼzlariga-oʼzlari cheklov oʼrnatishadi, sogʼlom turdoshlari esa indan tashqariga chiqmaslik uchun, qilinadigan ishlarni oʼzaro taqsimlab olishadi. Yaʼni, kasallik tarqalganida ushbu jamoada toʼla karantin joriy qilinadi, sogʼlom jonzotlar esa bir-birlari bilan muloqotni kamaytiradi. Bunday tartib boshqa jamoalarda, masalan, asalarilarda ham borligini koʼpchilik bilsa kerak.

Omar deb ataladigan qisqichbaqalar kasallangan turdoshini boshqalardan ihotalab qoʼyishadi. Karib dengizidagi langusta deb ataladigan jonzotlar kasallangan turdoshiga yaqinlashishdan koʼra, tashqarida qolishni afzal koʼrishadi. Bu qoidalar, hatto, vahshiy jonzotlarda ham kuzatiladi: sherlar kasalni jamoadan chiqarib yuborishadi, kasallangan boʼri esa oʼz toʼdasini tashlab ketadi. Tabiiy instinktlarga koʼra hayot kechiruvchi bu jonzotlar atrofida jonkuyar tibbiyot xodimlari yoki kasallikni davolash uchun samarali dori-darmonlari boʼlmagan sharoitda tibbiyot haqidagi tushunchalari boʼlmasa ham, oʼz turdoshlarini, avlodlarini ommaviy qirilib ketishdan saqlab qolish uchun shunday yoʼl tutishadi va bunga qatʼiy tartib hamda intizom orqali erishiladi. Butun yer yuzidagi jonli tabiat shunday tartib asosida yashaydi va bu tartib hayot davom etishining ajoyib namunasidir. Bu tiriklikni oʼz-oʼzini saqlab qolishning evolyutsion yechimi va biz insonlarga ham taalluqli koronavirus pandemiyasi tobora chuqurlashib borayotgan, aniq dori-darmon yoki vaktsina ishlab chiqilmagan bu davrda biz uchun butun tiriklik rioya qilishi shart boʼlgan eng maqbul yechimdir.

Ibrohim Аbdurahmonov, Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik:

 

Leave a Reply

Your email address will not be published.