Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 8-sinf o‘quvchisi Saidolimxon Jasurbekovning Xalqaro matematika olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritgani munosabati bilan Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov maktabga tashrif buyurdi. Singapur va AQSh (MOEMS) hamkorligida Toshkent shahridagi Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti filialida tashkil etilgan Xalqaro matematika olimpiadasida yuqori o‘rinni olgan Saidolimxonga vazirlikning faxriy yorlig‘i hamda kompyuter sovg‘a qilindi.


Saidolimxon Jasurbekov Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Yoshlar akademiyasi a’zoligiga birinchilardan bo‘lib qabul qilindi. O‘z navbatida Innovatsion rivojlanish vazirligi, xususan, Yoshlar akademiyasi taqdim etadigan imkoniyatlardan biri – ilmiy tadqiqotlarni bajarish ishtiyoqiga ega iqtidorli yoshlarga amaliy, innovatsion tadqiqotlarni olib borishlari uchun sharoitlar yaratib berilishi ta’kidlandi. Maktab o‘quvchilari FAning ilmiy-tadqiqot markazlari va institutlarida amaliyot o‘tkazishlariga kelishib olindi.
Olimpiada shartiga ko‘ra, har bir ishtirokchi 1,5 soat davomida 25 ta topshiriqni yechib, uni asoslab berishi lozim edi. So‘ngra har bir ishtirokchining yakuniy to‘plagan ballari asosida Hakamlar hay’ati tomonidan g‘oliblar aniqlandi va rasman e’lon qilinishi belgilandi.
Mazkur olimpiadada Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 8-sinf o‘quvchilari Saidolimxon Jasurbekov va Sunnat Ramziddinov qatnashdilar. Hakamlar hay’atining yakuniy xulosasida Jasurbekov Saidolimxon olimpiada bronza medali sohibi deb topilgan.

Manba: https://xabar.uz/uz/qdm