2020 yil 14-fevral kuni ulug’ o’zbek shoiri, mutafakkir, tarixchi va davlat arbobi hamda boburiylar saltanati asoschisi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 537 yilligiga bag’ishlangan “Zahiriddin Muhammad Bobur –barkamol shaxs timsoli” mavzusida adabiy-badiiy kecha Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatida o’tkazildi. Ushbu tadbirga Muhammad Yusufning ayollari Nazira as-Salom va Mirza G’olib mahallasi faollari tashrif buyurishdi.
Tadbirni maktab-internat direktori Jamoliddin Kamolov ochib, Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodining bugungi kundagi ahamiyatiga to’xtalib o’tdi. Shuningdek, 14-fevral ga’rb davlatlarida “Valentin’s day” yoki “Sevishganlar kuni” sifatida nishonlanishi “ommaviy madaniyat”ga aylanib borayotganligi, bugungi kunda sharq milliy madaniyatiga suqilib kirib yoshlar madaniyati, dunyoqarashiga salbiy ta’sir qilayotganiga alohida urg’u berdi. U o’z nutqida Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari yoshlarda yuksak ma’naviyatni shakllantirish va ularni barkamol qilib tarbiyalashda muhim manba ekanligini ta’kidladi.
Tadbir davomida Muhammad Yusufning ayollari Nazira as-Salom Boburning davlat arbobi sifatidagi faoliyatiga to’xtalib o’tib, uning jamiyat farovonligiga qo’shgan hissasini alohida e’tirof etdi va Zahiriddin Muhammad Boburning tarixiy-memuar asari “Boburnoma” haqida qiziqarli ma’lumotlar berdi.
Tadbirda 7-sinf o’quvchilari Z.M.Bobur ijodidan g’azal va ruboyilar aytishdi, 8-sinf o’quvchilari Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romani asosida Bobur hayotidan sahna ko’rinishlarini hamda o’quvchi qizlar tomonidan «Tanovar» qo’shig’i asosida raqslar namoyish etildi.
Tadbir ishtirokchilari ma’naviyat — har millatning o’zligini, milliyligini ko’rsatuvchi ne’mat ekanligini ta’kidlashdi. Adabiy-badiiy kecha o’quvchilarda katta taassurot uyg’otdi.
Tadbir yakunida tashrif buyurgan mehmonlarga ehtirom bildirildi va maktab-internati madhiyasi bilan yakunlandi.

#BaburDay