- Posted on
- Umumiy
- 356 Views
14 yanvar O’zbekiston Respublikasining suvereniteti, xududiy yaxlitligi, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qiladigan kasb egalari – Vatan himoyachilari kuni va O’zbekiston Respublikasi qurolli Kuchlari tashkil topgan kun sifatida nishonlanadi. Bayram sanasi O’zbekiston Respublikasi qurolli Kuchlari tarixidagi quyidagi eng muhim voqealar bilan bog’liqdir: 1991 yilning 31 avgust kuni «O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoslari to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilindi. Ushbu muhim hujjat yosh respublikamizga o’zining harbiy siyosatini yuritish huquqini berdi. Shu kuni e’lon qilingan «O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to’g’risida»gi bayonot esa milliy qurolli Kuchlarimizni tashkil etish uchun huquqiy asos bo’lib xizmat qildi. 1991 yil 6 sentyabrdagi «Mudofaa ishlari vazirligini tashkil etish to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni sohaning ilk poydevori sanaladi. 1992 yil 3 iyul kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga aylantirildi. 1992 yilning 14 yanvar kuni O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining «O’zbekiston Respublikasi xududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy o’quv muassasalari to’g’risida»gi qarori juda muhim tarixiy ahamiyatga egadir. Mazkur qarorga ko’ra davlatimiz hududidagi harbiy tuzilmalar respublika tasarrufiga olindi. 1993 yil 29 dekabr kuni O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining qarori bilan «14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni» deb belgilandi.