Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining axborot texnologiyalari va yoshlar bo‘yicha o‘rinbosari Yusuf Qodirovich Absoatov va Toshkent Tibbiyot akademiyasi rektori Alisher Qayumovich Shadmanov ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – maktabning ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quv jarayonini ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalari bilan uzviyligini ta’minlash, kasb-hunarga yo‘naltirish hamda o‘quvchilar o‘rtasida liderlikni shakllantirish bo‘yicha hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlarni belgilab olish va uni yanada kuchaytirishga qaratildi. Tadbir davomida vazir o‘rinbosari Yu.Q.Absoatov oliy ta’lim muassasalari talabalarining yutuqlari va ulardagi liderlik qobiliyatlarini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida keng ma’lumot berdi. So‘ng, maktab kutubxona fondiga 50 dona badiiy kitoblar sovg‘a qildi. Toshkent Tibbiyot akademiyasi rektori A.Q.Shadmanov yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, xususan, sog‘liqni saqlash yo‘nalishidagi islohotlar va erishilgan natijalar hamda o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha taqdimot qildi. Tadbirda o‘quvchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi hamda uchrashuv o‘ta qizg‘in va do‘stona munosabatda yakunlandi. So‘ng, Toshkent Tibbiyot akademiyasi va Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘rtasida o‘zaro hamkorlik Memorandumi imzolandi.