Bugun, Toshkent davlat texnika universitetida “Quymakorlik ishlab chiqarish sohasida resurs va energiyatejamkor innovatsion texnologiyalar” mavzusida xalqaro ilmiy va ilmiy-texnik anjuman o‘tkazilmoqda.

Mazkur xalqaro anjumanda Belorus milliy texnika universiteti, Harbin muhandislik universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Toshkent davlat texnika universiteti va V.I.Galperin nomidagi Toshkent truba zavodi qo‘shma korxonasining yetuk olimlari, soha mutaxassislari, ilmiy tadqiqotchilar va iqtidorli talabalar ishtirok etmoqda.

Toshkent davlat texnika universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor S.M.Turabdjanov hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Akademigi, texnika fanlari doktori, professor S.S.Negmatov tabrik so‘zi bilan anjuman ishtirokchilariga ilmiy tadqiqot ishlarida yangi yutuqlarga erishish tilaklarini bildirdilar.

So‘ng, Belorus milliy texnika universiteti (BMTU)ning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, texnika fanlari nomzodi, dotsent Yu.A.Nikolaychik (onlayn), Harbin muhandislik universiteti professori Ruizhi Wuning (onlayn), BMTU Quymakorlik ishlab chiqarish texnologiyasi va mashinalari kafedrasi mudiri S.L.Rovin va V.I.Galperin nomidagi Toshkent truba zavodi qo‘shma korxonasi bosh muhandisi V.N.Nikitin anjuman ishtirokchilarini tabriklab, innovatsion texnologiyalar va ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha hamkorlik ishlarini yanada kuchaytirish bugungi kunning dolzarb vazifalari ekanligi haqida qayd etdilar.

Anjumanning yalpi yig‘ilishida Toshkent davlat texnika universiteti qoshidagi ilmiy kengash raisi, texnika fanlari doktori, professor K.A.Karimov “Umumiy mashinasozlikda nanotexnologiyalar asosida yangi istiqbolli qotishmalarni olishda matematik modellashtirishning istiqbollari” mavzusida qilgan ma’ruzalari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Anjumanning sho‘ba yig‘ilishlarida yangi ilmiy tadqiqot ishlarining taqdimotlari bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu jarayonda Abu Ali ibn Sino ixtisoslashtirilgan maktabi direktori, mustaqil tadqiqotchi J.S.Kamolov ishtirok etmoqda.

Anjuman yakunida, taqdimot g‘oliblari va sovrindorlarini taqdirlash rejalashtirilgan.