O’zbekiston Respublikasi Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2022 yil 17 yanvar kuni maktablarda, ayniqsa ixtisoslashtirilgan maktablarda ta’lim-tarbiya sifatini tubdan oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Mazkur yig‘ilishda Prezident ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatiga tahliliy baho berib, ayni kunda Xalq ta’limi tizimidagi mavjud 790 ta ixtisoslashgan maktablarning  207 tasi xorijiy tillarga,126 tasi  matematika va fizika,  99 tasi IT yo‘nalishi hamda 87 tasi  kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashganligini ta’kidladi.

Shuningdek, qayd etilgan maktablarning 135 tasi to‘liq ixtisoslashgan va internat maqomiga egaligi, qolgan 655 ta maktabning 25 foiz sinflarida u yoki bu fanlar chuqur o‘rgatilayotganli ko‘rsatib o‘tildi.

Agar maktablarda o‘quvchilar bilim olsa, ixtisoslashtirilgan maktablarda esa o‘quvchilar o‘z iqtidorlarini namoyon etishga imkoniyat yaratiladi.

Bugungi kunda oldimizda zamon talablariga mos keladigan bilimlarga ega,  ma’nan yetuk, mustaqil fikrlaydigan, liderlik qobiliyatiga ega bo‘lgan vatanparvar yosh avlodni tayyorlash kabi masalalar dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan yangi tashabbus berildi, ya’ni Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan maktablarni  bosqichma-bosqich Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimiga o‘tkazilishi, shuningdek, bundan buyon ixtisoslashgan maktablar ushbu agentlik tizimida tashkil etilishi belgilab berildi.

Bu borada, agentlik tizimida 2022-2023 o‘quv yilidan 220 ta maktab o‘z faoliyatini boshlashi uchun 12 mingdan ziyod malakali pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni tanlov asosida qoplash hamda 140 mingdan ortiq o‘quvchini saralab olish kabi katta mas’uliyatli ishlarni tashkil etish vazifalari topshirildi.

Shu munosabat bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimlariga hamda soha mutasaddilariga ixtisoslashgan maktablar faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab berildi.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan 2020 yil 31 yanvar kuni ilm-fan sohasi etuk namoyondalari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda “Ta’lim muassalarida kimyo va biologiya fanlarini o‘qitishni takomillashtirishda Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar  ixtisoslashtirilgan maktab-internati tayanch metodik bo‘g‘in bo‘lishi shart”  deb belgilangan.

Yuqorida qayd etilgan vazifalarning ijrosini ta’minlashda Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab jamoasi tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablardagi ta’lim-tarbiya jarayoni samaradorligini oshirishda hamkorlik qiladi.