Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘z pedagogik faoliyatini boshlagan kunidan iqtidorli o‘quvchilarni ilmiy faoliyatga yo‘naltirishni asosiy maqsadlaridan biri deb belgilagan. Mazkur faoliyatni amalga oshirish uchun maktab pedagoglari tomonidan “Ilm sari ilk qadam” o‘quv qo‘llanmasi yaratilgan bo‘lib, o‘quvchilar o‘z izlanishlarini shu asosda tashkil etmoqdalar.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2022 yil 17 yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “… ixtisoslashtirilgan maktablarning yuqori sinf o‘quvchilarini innovatsion faoliyatga yo‘naltirish” vazifasi belgilangan.
Mazkur vazifani amalga oshirish maqsadida maktabning ijodkor o‘quvchilar o‘rtasida “Innovatsion g‘oyalar” tanlovining dastlabki bosqichi o‘tkazildi.
Tanlovda saralab olingan ishlar joriy yilning 14 mart kuni O’zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Iqtidorli yoshlar va yosh olimlar tomonidan tayyorlangan ishlanmalar va loyihalar ko‘rgazmasi”da namoyish etildi.
Mazkur ko‘rgazmada, oliy ta’lim muassasalari talabalari qatorida birgina Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabining 14 nafar o‘quvchilari o‘zlarining startap loyihalari bilan ishtirok etdilar.
Xususan, “Mening birinchi kitobim” loyihasi doirasida tayyorlanib, chop etilgan:
11-sinf o‘quvchisi M.Mirsaidovaning “Biologiyani ingliz tilida o‘rganamiz” kitobini ingliz tilidagi taqdimoti Innovatsion rivojlanish vazirligining ekspert guruhi tomonidan yuqori baholandi va innovatsion kitobga aylantirish tavsiya etildi.
11-sinf o‘quvchisi Sh.Jo‘raboyevaning “Ko‘rish analizatorining profilaktikasi va gigiyenasi” kitobining ingliz tilida qilingan prezentatsiyasi ekspert guruhi tomonidan yuqori baholandi va innovatsion darslik sifatida chop etish belgilandi.
7-sinf o‘quvchisi O.Orziyevning “Suv tozalash buldozeri”;
7-sinf o‘quvchisi I.Maxmutxo‘jayevning “Sanoat bo‘yicha suvni yumshatish”;
9-sinf o‘quvchilari R.Sobirova va N.Jo‘raqulovalarning “Chiqindisiz hayot”;
10-sinf o‘quvchilari D.Raximovaning “Matematicheskoye modelirovaniye DNK”;
10-sinf o‘quvchilari O.Nazarov va A.Kobыljanovlarning “Sposobы polucheniya antibakterialnogo materiala”;
10-sinf o‘quvchilari A.Musurmonov va S.Mirzaqulovlarning “Forel balig‘ini yetishtirish sifatini orttirish”;
11-sinf o‘quvchilari B.Jalilov va U.Kamolovlarning “Shifobaxsh suv tayyorlash” loyihalari ekspert guruhi tomonidan yuqori baholandi.
Yuqorida qayd etilgan innovatsion loyihalarni amalga oshirishga moliyaviy ko‘mak ajratish bo‘yicha O’zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi vazirlik huzuridagi “Texnopark” va “Yoshlar akademiyasi” xodimlari bilan hamkorlikda loyihalarning iqtisodiy, ilmiy, amaliy parametrlari va iqtisodiy samaradorligini aniqlash borasida ish olib borilmoqda.
Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi qayd etildi.
“Iqtidorli yoshlar va yosh olimlar tomonidan tayyorlangan ishlanmalar va loyihalar ko‘rgazmasi” doirasida maktab o‘quvchilarining startap loyihalari “FAKT – 24” teleko‘rsatuvida namoyish etildi.