Аbu Аli ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab oʼz pedagogik faoliyatini boshlagan kunidan iqtidorli oʼquvchilarni ilmiy faoliyatga yoʼnaltirishni asosiy maqsadlaridan biri deb belgilagan. Mazkur faoliyatni amalga oshirish uchun maktab pedagoglari tomonidan “Ilm sari ilk qadam” oʼquv qoʼllanmasi yaratilgan boʼlib, oʼquvchilar oʼz izlanishlarini shu asosda tashkil etmoqdalar.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2022 yil 17 yanvarь kuni oʼtkazilgan videoselektor yigʼilishida “… ixtisoslashtirilgan maktablarning yuqori sinf oʼquvchilarini innovatsion faoliyatga yoʼnaltirish” vazifasi belgilangan.

Mazkur vazifani amalga oshirish maqsadida maktabning ijodkor oʼquvchilar oʼrtasida “Innovatsion gʼoyalar” tanlovining dastlabki bosqichi oʼtkazildi.

Tanlovda saralab olingan ishlar joriy yilning 14 mart kuni Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Iqtidorli yoshlar va yosh olimlar tomonidan tayyorlangan ishlanmalar va loyihalar koʼrgazmasi”da namoyish etildi.

Mazkur koʼrgazmada, oliy taʼlim muassasalari talabalari qatorida birgina Аbu Аli ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabining 14 nafar oʼquvchilari oʼzlarining startap loyihalari bilan ishtirok etdilar.

Xususan, “Mening birinchi kitobim” loyihasi doirasida tayyorlanib, chop etilgan:
11-sinf oʼquvchisi M.Mirsaidovaning “Biologiyani ingliz tilida oʼrganamiz” kitobini ingliz tilidagi taqdimoti Innovatsion rivojlanish vazirligining ekspert guruhi tomonidan yuqori baholandi va innovatsion kitobga aylantirish tavsiya etildi.

11-sinf oʼquvchisi Sh.Joʼraboevaning “Koʼrish analizatorining profilaktikasi va gigienasi” kitobining ingliz tilida qilingan prezentatsiyasi ekspert guruhi tomonidan yuqori baholandi va innovatsion darslik sifatida chop etish belgilandi.

7-sinf oʼquvchisi O.Orzievning “Suv tozalash buldozeri”;

7-sinf oʼquvchisi I.Maxmutxoʼjaevning “Sanoat boʼyicha suvni yumshatish”;

9-sinf oʼquvchilari R.Sobirova va N.Joʼraqulovalarning “Chiqindisiz hayot”;

10-sinf oʼquvchilari D.Raximovaning “Matematicheskoe modelirovanie DNK”;

10-sinf oʼquvchilari O.Nazarov va А.Kobыljanovlarning “Sposobы polucheniya antibakterialьnogo materiala”;

10-sinf oʼquvchilari А.Musurmonov va S.Mirzaqulovlarning “Forelь baligʼini yetishtirish sifatini orttirish”;

11-sinf oʼquvchilari B.Jalilov va U.Kamolovlarning “Shifobaxsh suv tayyorlash” loyihalari ekspert guruhi tomonidan yuqori baholandi.

Yuqorida qayd etilgan innovatsion loyihalarni amalga oshirishga moliyaviy koʼmak ajratish boʼyicha Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi vazirlik huzuridagi “Texnopark” va “Yoshlar akademiyasi” xodimlari bilan hamkorlikda loyihalarning iqtisodiy, ilmiy, amaliy parametrlari va iqtisodiy samaradorligini aniqlash borasida ish olib borilmoqda.

Shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan iqtidorli yoshlarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlanishi qayd etildi.

“Iqtidorli yoshlar va yosh olimlar tomonidan tayyorlangan ishlanmalar va loyihalar koʼrgazmasi” doirasida maktab oʼquvchilarining startap loyihalari “FАKT – 24” telekoʼrsatuvida namoyish etildi.